“Birga-bir” nimaligini bilasizmi?
Sizlarda qanaqaligni bilmadim-u, lekin haqiqiy “birga-bir” nimaligini oliy
o’quv yurtiga kirganimdan keyin bildim. Har qalay 4 yil davomida hech narsa
o’rganmagandan ko’ra shu “birga-bir”ni bilib ketaman. Ming qilsa ham “Oliy
o’quv yurti”da! ungacha bo’lgan bilimingizga bilim, tajribangizga tajriba
qo’shadi. Mening hayotimda to’rtta
“birga-bir” bor, shulardan uchtasini sizga aytib berayin. “To’rtinchisichi?”
deysizmi, to’rtinchisini ko’rishganda aytaman, bu yer joyimas...
Birinchi “Birga-bir”
Bizni yoshligimizda “yur ketdik, palonchi joyda
birga-bir bo’lyapti” deyishsa yugrib borardik. “Birga-bir” deganda birorta bola,
boshqa birortasi bilan yakkama-yakka urshishi tushunilardi. Mahallaning hamma yigitlari
tomosha qilgani borishardi. Atrofdagilardan hech kim, hatto katlak yeyotgan
bolaning do’stlari-yu, akalari ham qo’shilmasdi. “Yengildim, taslimman”
deyishsa “jang” to’xtatilardi. G’olib yigit esa keyingisi bilan birga-bir
chiqardi. Shu tariqa mahallaning
“karol”lari aniqlanardi. Ular,ya’ni g’oliblar keyinchalik boshqa mahallaning
zo’ravonlari kelib qolishsa “birga-bir yeyishardi”... Men ham bunaqa
“birga-bir”lardan bir necha marta “yeyishganman”(ko’proq yegan bo’lsam kerak)...
Ikkinchi “Birga-bir”
Sal
ulg’ayib, maktabni bitirib,odam soniga qo’shilib qolganimizdan keyin yana
“Birga-bir” boshlandi. Bunisi endi bolalikdagi “birga-bir”dan ancha farq
qiladi. Bolaligimizda “birga-bir”da hamma kamroq “yeyishga” harakat qilgan
bo’lsa, bunisida aksincha. Hamma faqat yesam deydi. Qanaqa “birga-bir” haqida
gap ketayotganini tushindiz chamamda. “Birga-bir” bu- choyxonada hamma
masallig’i bir kilodan qilinib palovxonto’ra tayyorlash tushiniladi. Bunda
guruch ham, go’sht ham, sabzi ham bir kilodan bo’lishi kerak. Oldingi
“birga-bir” nozikroq, qo’polroq qilib aytganda “pachoqroq” bolalar “yeyishgan”
bo’lsa, bu “Birga-bir”da gavdaliroq,baqquvatroq, qo’polroq qilib aytganda
“qo’pol” lar ko’proq yeyishadi. Birinchi “birga-bir”dan bolalikda rosa
“yeyavergan”imizdan, ikkinchi “birga-bir” uncha ketmaydigan bo’lib qolgan...
Eng muhimi: Uchinchi “Birga-bir”
Boshida aytib
o’tganimdek, haqiqiy “birga-bir”ni Universitetga kirganimdan keyin bildim.
Universitetda ham o’quv jarayonida emas, talabani talaba qiladigan SESSIYA jarayonida.
Barcha oraliq va joriy nazorat ishlarini topshirib bo’lgandan keyin, yakuniy
nazoratlar arafasida guruximiz “starostasi” hamma bollarni yig’ib: “Domla bilan
gaplshib chiqdim, “birga-bir” bo’ladigan bo’ldi”-deb qoldi. Miyyamga “ana
o’lding endi Fozilbek, domla har bir talaba bilan birma-bir savol-javob qiladi”
degan fikr, hotinning eriga qarab otgan “iskavarodka”sidan ham tez uchib o’tdi.
Hayolimda domla bilan bo’ladigan yakkama-yakka “olishuvni” rejalashtirib
turganmda “starosta” oldimga kelib: “Ber” deydi. Nimani? desam, labini bir
tarafi tortilib, kulgan sifat bo’lib, bosh barmog’ini ko’rsatgich va “fakyu”
barmog’iga ishqalab pulni ishorasini ko’rsatdi. Nega desam, “aytdim-ku domla
“birga-bir” ekan”-dedi. Ichimdan xursand bo’lib ketdim. Harqalay, 2 ta katta
kitobni o’qib kelib topshirgandan ko’ra bitta “birga-bir” choyxona qilib bergan
yaxshida. Buning ustiga harajatni guruhga teng bo’lvorsa hech nimadan tushmaydi
deyarli... “Men guruch obkelaman” dedim. “Starosta” hayron, “qanaqa guruch”
deydi, “osh qilishga-da, menda xonamda devzira guruch boridi bir kilo, shuni
beraman. Kecha Odilov Andijonga uyiga borganda obkegandi. O’zim bir osh qilib
yemoqchi edim-u, mayli, domlaga nasib qilgan ekan” dedim. “Starosta” nima
deyayotganimni faxmlab qoldi shekilli,qoziqday-qoziqday tishlarini ko’rsatib,
butun koridorni boshiga ko’tarib kulvorsa deng. Yetti yarim minutcha kulib
bo’lganidan keyin menga “birga-bir”ni tushuntirdi... Bu men bilmaydigan
“birga-bir” domlaning “stavkasi” ekan. “Birga-bir” bu- uch baho uchun 30 ming,
to’rt baho uchun 40 ming, besh baho uchun 50 ming deganiligini shunda
bilganman. Yuqoridagi birinchi va ikkinchi “birga-bir”lardan qochib
bo’lardi-yu, lekin bunisidan qutila olmas ekansiz. “Pachoq” ham “qo’pol” ham
“birga-bir”...
P.S. Shuncha yil davomida “birga-bir” bo’lgan
domlalar endi “bir yarimga-bir” dasturiga o’tayotgan emish. Iltimos yana bir
yil “birga-bir” bo’lib turinglarvh , keyin menga desa “o’nga-bir”
bo’lmaysizlarmi.
Комментариев нет:
Отправить комментарий